Rasmiy munosabat

Rasmiy munosabat

Maqola sanasi:06 Iyul 2023

2023-yilning 1-iyulida YouTube kontentiga

“Elparvar Media” blogeri tomonidan “Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi byurolar 55millon tendirga quyib ishni qanchag qildirishgan ekan” nomli mavzusida joylashtirilgan videolavha yuzasidan

RASMIY MUNOSABAT

 

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosining hozirda ishlab turgan rasmiy veb-sayti (www.ddsmfa.uz) Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 355-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 2017-yil 30-yanvarda tuzilgan 30-sonli shartnoma asosida “Datasite Technology” xususiy korxonasi tomonidan yaratilgan va ishga tushirilgan boʻlib, ushbu veb-saytning birinchi sahifasi eng oxirgi qatori oʻng tomonida saytni yaratgan tashkilotning logotipi berilgan. Bu maʼlumot datasite.uz veb-saytida firma tomonidan yaratilgan veb-saytlar boʻlimida (portfolio) ham tasdiqlangan. 

Bugungi kunda Byuro veb-saytining eskirgan platformasi, modullari va plaginlardagi kiberxavfsizlik zaifliklari tufayli xakerlar tomonidan saytni buzish ehtimoli ortib bormoqda. Bu kabi qator masalalarni qisman yoki toʻliq hal etishni imkoni mavjud emasligi sababli Byuro veb-saytini butunlay yangi tahririni yaratish masalasi kun tartibiga qoʻyilgan. 

Yangi rasmiy veb-saytni yaratish -  Byuro faoliyatini yanada kengroq yoritish, huquqiy targʻibot ishlarini tashkil qilish, ochiqlik va shaffoflikka erishish, veb-saytga zamonaviy funksiyalarni qoʻshish, kiberxavfsizlik himoya choralarini koʻrish, sahifalarni tezkor ochish, tashriflar va statistikani monitoring qilish, yangi interaktiv xizmatlar boʻlimini yaratish, xizmatlar turlari tariflari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlarni qulay shaklda taqdim etish  hamda qator REST API modullari orqali elektron hujjat aylanishi tizimi va onlayn toʻlovlar tizimlarini integratsiya qilish masalalarini hal etishga qaratilgan.

Veb-saytni yangilash kiberxavfsizlikni yaxshilaydi va buzib kirish ehtimolini kamaytiradi. Zamonaviy dizayn va yangi texnologiyalardan foydalanish sayt mavqeini yaxshilashga va uning jozibadorligini oshirishga yordam beradi, raqamli marketing strategiyasini yangilashga yordam beradi.

 Shu munosabat bilan Byuroning rasmiy veb-sayti yangi tahririni yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-684-son Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-maydagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq veb-saytlarni yaratish boʻyicha maʼlum tajriba, bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan ijrochi tashkilotlarni tanlash, veb-saytni arzon narxlarda sifatli ishlab chiqish masalalarini koʻrib chiqish, muhokama etish va qarorlar qabul qilish yuzasidan zarur hujjatlar ishlab chiqildi.

Natijada, 2023-yil 13-iyunda Byuroning rasmiy veb-sayti yangi tahririni yaratish va ishga tushirish boʻyicha ixtisoslashgan tashkilotni tanlash toʻgʻrisidagi birinchi eʼlon Davlat xaridlari maxsus portali - etender.uzex.uz ga 267704-sonli lot bilan joylashtirildi.

Elektron bayonnomaga asosan tanlovda bitta ishtirokchi - “Elparvar Media” MCHJ qatnashgan. Davlat xaridlarini oʻtkazish boʻyicha qonun hujjatlari talabiga koʻra tanlovda ikkitadan kam ishtirokchi qatnashganligi sababli portal tomonidan ushbu tanlov avtomatik tarzda oʻtkazilmagan deb belgilandi. Shu sababli ikkinchi eʼlon 2023-yil 22-iyunda maxsus portalga 273845-sonli lot bilan qayta joylashtirildi.

Ushbu eʼlonlarga “Texnik topshiriq” ilova qilingan boʻlib, ushbu hujjatning 8-9 va 38-43 sahifalari hamda shartnomada Byuroning rasmiy veb-sayti (interaktiv xizmatlar va onlayn toʻlov modullari bilan) yangi tahririni ishlab chiqish va ishga tushirish masalasi har tomonlama keng yoritilgan.

“Texnik topshiriq”ning 8-sahifasi surati:

 

Shartnoma loyihasining 1- sahifasi surati:

Taʼkidlash joizki, “Texnik topshiriq” bu veb-sayt yangi tahririni ishlab chiqish boʻyicha ijrochilarga oʻziga xos uslubiy qoʻllanma boʻlib, unda yaratilayotgan saytning umumiy koʻrinishi,   beriladigan maʼlumot va axborotlar nomlanishi, kategoriyasi, turlari haqida toʻliq talablar aks etgan.

Yuqorida qayd etilganlarni inobatga olib, “Elparvar Media” blogeriga joriy yilning 1-iyulida YouTube kontentiga joylashtirgan videolavha yuzasidan oʻz obunachilariga ushbu rasmiy munosabatga tayanib xolis va toʻgʻri maʼlumotni yetkazishni  hamda tashkilot nomini "Diplomatik korrupsiyaga xizmat ko‘rsatish byurosi" tarzida emas, Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi "Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi" deb to‘g‘ri talaffuz qilishni soʻrab qolamiz.