Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining o‘ttizinchi majlisi to‘g‘risida

Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining o‘ttizinchi majlisi to‘g‘risida

25

Apr

Maqola sanasi:25 Aprel 2017

Toshkent shahrida 2017-yil 30-mart kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining navbatdagi, o‘ttizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qozog‘iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.

ShHT MATT Kengashining majlisi Xitoy Xalq Respublikasi raisligida o‘tdi.

Majlis yakunlariga ko‘ra, ShHT Davlat rahbarlari kengashiga taqdim etiladigan ShHT MATT Kengashining mazkur xalqaro tuzilmaning 2016-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ma’qullandi, 2016-yilda ShHTga a’zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2016-2018-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi va ShHT MATT Kengashining avval qabul qilingan qarorlari ijrosi muhokama qilindi. ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining Tojikiston Respublikasi hududida o‘tkazilgan terrorizmga qarshi "Hamkorlik – 2016” birgalikdagi o‘quv mashqlari yakunlariga yuqori baho berildi.

ShHTning ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi konvensiyasi loyihasi ma’qullandi.

2017-yilda ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining terrorizmga qarshi birgalikdagi o‘quv mashqlari va chegara operatsiyalari, ShHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar delegatsiyalari ishtirokida xalqaro terrorizm hamda ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan beshinchi ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining ekstremistik yo‘nalishdagi diniy oqimlarning buzg‘unchi faoliyati oqibatida yuzaga keladigan tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlar ma’qullandi.

ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyati ijobiy baholandi. ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy va kadrlar bilan, moliyaviy ta’minlash, terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida ShHTga a’zo davlatlar hamkorligining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga doir masalalar yuzasidan qator qarorlar qabul qilindi.

ShHT MATT faoliyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mazkur davlatlar vakolatli organlarining qator xodimlari va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasining mansabdor shaxslari rag‘batlantirildi.

ShHT MATT Kengashining navbatdagi majlisini 2017-yil sentabr oyida Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazishga kelishib olindi.

Kengash majlisi ishchanlik va amaliy ruhda o‘tdi.


Muallif: O‘zA