Shavkat Mirziyoyev SHHTning yubiley sammitida ishtirok etadi

Shavkat Mirziyoyev SHHTning yubiley sammitida ishtirok etadi

Maqola sanasi:13 Sentyabr 2021

16-17 sentyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.

Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bugungi brifingda ma’lum qildi.

Ma’lumki, o‘tgan yil pandemiya sababli SHHT sammiti onlayn formatda o‘tkazilgan edi. Bu safar davlat rahbarlari bevosita yig‘ilmoqda. E’tiborlisi, SHHTning ushbu sammiti Tashkilot tuzilganining 20 yilligi nishonlanayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Sammitning birinchi kuni, 16 sentyabrda davlatimiz rahbari Tashkilotga raislik qilayotgan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan, 17 sentyabr kuni esa Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.  

17 sentyabr kuni davlat rahbarlarining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Sammit yakunida SHHTga raislik Tojikistondan O‘zbekistonga o‘tadi.  

– Ko‘plab xorijiy ekspertlarning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan keyingi besh yilda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar hisobga olinsa, O‘zbekistonning SHHTga raisligi xavfsizlik va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.  

Mamlakatimiz raisligi juda samarali bo‘ladi, Tashkilot faoliyatini yanada jonlantiradi, deb qat’iy ishonch bildirilmoqda.

O‘sha kuni yangi formatdagi “Shanxay hamkorlik tashkiloti – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda tomonlar Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qiladilar, – dedi Sherzod Asadov.

Prezident matbuot kotibining qayd etishicha, bundan tashqari hafta davomida Prezidentimiz huzurida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid taqdimotlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

O‘zA