Turkmaniston Prezidenti Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qo‘ydi

Turkmaniston Prezidenti Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qo‘ydi

Maqola sanasi:05 Oktyabr 2021

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi.

Oliy martabali mehmon Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Turkmaniston rahbariga Mustaqillik maydonining mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berildi. Shundan so‘ng Turkmaniston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.

Tashrifning asosiy voqealari 5 oktyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlash masalalarini muhokama qiladilar.

Muzokaralarda asosiy e’tibor savdo, transport va tranzit, energetika sohalaridagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga qaratilishi kutilmoqda.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashadilar.

Tashrif doirasida qator ikki tomonlama tadbirlar, shu jumladan, Iqtisodiy forum o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

 

O‘zA