
Faoliyat
Dipservis xizmatininig asosiy vazifa va funksiyalari
Oʼzbekiston Respublikasidagi xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʼtgan tashkilotlarning (keyingi oʼrinlarda — diplomatik vakolatxonalar) Oʼzbekiston Respublikasida faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularga kompleks servis xizmatlari koʼrsatish, diplomatik vakolatxonalarning tegishli ravishda faoliyat koʼrsatishini taʼminlashga doir masalalarni hal etish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarda nazarda tutilgan diplomatik vakolatxonalarga xizmat koʼrsatish va ularni joylashtirish tadbirlarini amalga oshirish;
diplomatik vakolatxonalar va ularning xodimlarini joylashtirish uchun ajratilgan bino hamda xonalarni ijaraga berish, koʼchmas mulkning ijara va oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda koʼmaklashish (vositachilik qilish), shuningdek, ushbu bino va xonalardan foydalanishni taʼminlash;
Tashqi ishlar vazirligiga xorijiy davlatlar rasmiy delegatsiyalarining Oʼzbekistonda boʼlishi bilan bogʼliq masalalarni hal etishda, Hukumat va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro tadbirlarni Hukumat darajasida, shu jumladan, xorijiy davlatlarda oʼtkazishga, xorijiy davlatlarga xizmat safariga boradigan xodimlarga aviachiptalar xarid qilish, shuningdek, avtotransport xizmatlarini koʼrsatishda koʼmaklashish;
Dipservis xizmati vazifalariga taalluqli masalalarda davlat organlari va tashkilotlarida diplomatik vakolatxonalarning manfaatlarini ifoda etish, shuningdek, diplomatik vakolatxonalarda ishlaydigan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish;
diplomatik vakolatxonalar xodimlarining boʼsh vaqti va dam olishini tashkil etish, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohasida xizmatlar koʼrsatish;
diplomatik vakolatxonalar, xalqaro hukumatlararo va nohukumat tashkilotlar, xorijiy davlatlarning hukumat va nohukumat tashkilotlari, ularning vakolatxona va filiallari, muxbirlari, muxbirlik punktlari (byuro, ofislari), savdo vakolatxonalari, xorijiy banklar va boshqa tijorat tashkilotlari vakolatxonalari, doimiy muassasalar, shuningdek chet el investitsiyasi va kapitali ishtirokidagi korxonalar hamda Oʼzbekiston Respublikasida shaxsiy, xizmat ishlari boʼyicha, oʼqish yoki turizm maqsadida doimiy yashaydigan yoki vaqtincha boʼladigan xorijiy fuqarolarga va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga tegishli boʼlgan yoki ular tomonidan ijaraga olingan avtotransport vositalarini roʼyxatga olish (qayta roʼyxatga olish), roʼyxatdan chiqarish, texnik koʼrikdan oʼtkazish, haydovchilik guvohnomalarining ekvivalentlarini berish (almashtirish) va roʼyxatdan oʼtkazish davlat raqami belgilarini berish;
bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish, diplomatik vakolatxonalar nomiga keladigan yuklarni deklaratsiyalash, bojxonada ishlov berish;
diplomatik vakolatxonalarning radioelektron aloqa vositalari va radiouzatuvchi qurilmalarni sotib olish, oʼrnatish, olib kirish va ulardan foydalanish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish;
diplomatik vakolatxonalar mehmonlarini roʼyxatga olish, ularning kirish vizalarini rasmiylashtirish va ularga viza berilishida koʼmaklashish, diplomatik vakolatxonalarda ishlaydigan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish;
Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarga, shuningdek Oʼzbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalariga tegishli murojaatga muvofiq muddatli mehnat shartnomalari asosida ularning mahalliy xodimlarini ishga joylashtirishni, ishga qabul qilish yoki boʼshatish toʼgʼrisida tegishli buyruqlarni rasmiylashtirish, ish staji hisobini yuritish, mehnat daftarchalarini shakllantirish va yuritishni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali texnik jihatdan amalga oshirishda koʼmaklashish.