Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qiliş yangi bosqiçga olib çiqiladi
Prezident Şavkat Mirziyoyev raisligida 21-oktabr kuni davlat boşqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etiş masalalari yuzasidan videoselektor yiğilişi bölib ötdi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotdan tortib, ta’lim, tibbiyot, qişloq xöjaligi va boşqaruv tizimigaça çuqur kirib bormoqda. Yil boşida 2030-yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt hajmi 15 trillion dollarga yetişi prognoz qilingan bölsa, hozirgi tahlillar mazkur raqam 20 trillion dollardan ortişini körsatmoqda.
– Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqiçiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qöymoqda. Qaysi soha bölmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra şuniki böladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Özbekistonda ham sun’iy intellektni rivojlantiriş böyiça alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi. Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yönalişlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar işga tuşdi.
Ötgan yili Sun’iy intellektni 2030-yilga qadar rivojlantiriş strategiyasi tasdiqlandi. Raqamlaştiriş vazirligida uşbu soha bilan işlaydigan alohida markaz taşkil etildi.
Natijada bir yil içida mamlakatimiz sun’iy intellektga tayyorgarlik böyiça xalqaro indeksda 17 poğona yuqoriladi, Markaziy Osiyoda 1-örinni egalladi.
Endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlaştirişga mas’ul örinbosarlari bir vaqtning özida sohada sun’iy intellektni rivojlantirişga ham javobgar bölişi belgilandi. Şahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlaştiriş va sun’iy intellekt böyiça maslahatçisi lavozimi kiritiladi. Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni joriy etiş holatini baholaydigan reyting tizimi işga tuşiriladi.
Xorijiy ekspertlar Özbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Buni imkoniyatga aylantiriş va dunyoda sun’iy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdoş böliş uçun 3 ta eng asosiy masala – infratuzilma, oçiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlaşga e’tiborni kuçaytiriş zarurligi qayd etildi.
Soğliqni saqlaş, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, toğ-kon va qişloq xöjaligi sohalarida sun’iy intellekt böyiça 100 ta loyiha rejalaştirilgan. Ularni amalga oşiriş uçun şunga mos quvvatlar, zamonaviy super kompyuterlar kerak. Lekin hozirgi mavjud quvvatlar faqat kiçik loyihalarni işga tuşiriş uçun yetadi.
Şu bois, zamonaviy super kompyuter klasterlari va “Data-markaz”larni köpaytiriş zarurligi qayd etildi. Bu yil 16 ta super kompyuter sotib oliş uçun 50 million dollar ajratildi. Keyingi yil bu mablağ 2 karra oşiriladi.
Sohaga investitsiyalarni rağbatlantiriş uçun Qoraqalpoğistonda imtiyozli rejim joriy qilinişi belgilandi. Sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan köp sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasining narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona tölovidan ozod etiladi.
Şu bilan birga, olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlaş uçun keyingi yildan “sputnik internet” operatorlarining faoliyati yölga qöyiladi. Ular beş yilga yer, mol-mulk, foyda va qöşilgan qiymat soliğidan ozod etiladi.
Vazirlik va idoralardagi ma’lumotlar har xil serverlarda tarqoq saqlanayotgani, ularning formatlari turliça bölgani sun’iy intellektni jadal rivojlantirişga tösqinlik qilayotgani körsatib ötildi. Şu bois, vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barça ma’lumotlar bazalarini yagona “Data-markaz”ga ötkaziş topşirildi.
– Sun’iy intellekt dasturlari samarali işlaşi uçun ular, avvalo, özbek tilini mukammal darajada tuşunişi zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Özbek tilidagi adabiyotlar, ma’lumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy işlarni raqamlaştiriş, sun’iy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni özida ifodalay olişi uçun “Özbek tili korpusi”ni yaratiş zarurligi qayd etildi.
Prezident sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlaşni, eng avvalo, maktablardan boşlaş kerakligini ta’kidladi.
Şu munosabat bilan keyingi öquv yilidan “Informatika” fani öquv dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uçun Massaçusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik işlab çiqiladi.
Yoşlarning sun’iy intellektdan foydalanişga doir ğoyalarini aniqlaş va loyihalarini qöllab-quvvatlaş maqsadida “Bir million sun’iy intellekt yetakçisi” loyihasi kengaytiriladi, bu böyiça milliy tanlov ötkazilib, eng yuqori natija körsatgan yoşlar, ularning ustozlari va ta’lim taşkilotlari munosib rağbatlantiriladi.
Yiğilişda oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalarini taşkil etiş çoralari ham belgilab olindi. “Yangi Özbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida işlaydigan “sun’iy intellekt klasteri” işga tuşiriladi. Oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yönalişlar uçun davlat granti kvotalari 35 foizga oşiriladi.
Talabalarning sun’iy intellektga qiziqişini oşiriş maqsadida har bir hududda oliygoh jamoalari örtasida sun’iy intellekt böyiça umummilliy tanlov ötkaziladi. Mukofot jamğarmasi 1 million dollar bölgan “Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxşi startap” tanlovi taşkil etiladi.
Umuman, sohani rivojlantiriş borasida yetakçi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va vatandoşlarimiz, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlarning sa’y-harakatlarini birlaştiriş maqsadida “Sun’iy intellekt alyansi”ni tuziş taklifi qöllab-quvvatlandi.

