Özbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elçilarning işonç yorliqlarini qabul qildi
27-noyabr kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elçilar tomonidan işonç yorliqlarini topşiriş tantanali marosimi böldi.
Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elçilar – Gretsiya Respublikasidan Paraskevi Seveleki, Indoneziya Respublikasidan Siti Ruhayni Juxayatin, Latviya Respublikasidan Girts Yaunzems, Fransiya Respublikasidan Valid Fuk, Rossiya Federatsiyasidan Aleksey Yerxov, Yaponiyadan Kendzi Xirata va Tojikiston Respublikasidan Nasriddin Ismatullodan işonç yorliqlarini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Yangi Özbekistonda öz missiyasini boşlayotgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini samimiy tabrikladi.
Hozirgi beqaror davrda, butun dunyoda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar keskinlaşib borayotgan bir paytda diplomatlarning işi tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
– Sizlar bir neça oydan buyon yurtimizda bölib, bugungi kunda mamlakatimiz qanday jadal özgarişlar ruhi bilan yaşayotganiga va jahon diplomatiya markazlaridan biriga aylanib borayotganiga şaxsan guvoh bölyapsiz, – dedi Prezidentimiz.
Xususan, joriy yilda Toşkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengaşi yiğilişi, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinçi sammiti va Xalqaro iqlim forumi, UNESCO Boş konferensiyasining tarixiy sessiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti muvaffaqiyatli ötkazildi.
Sönggi yillarda Özbekiston taşabbusi bilan BMT Boş Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Bu yil mamlakatimiz Global barqaror rivojlaniş maqsadlari indeksida 19 poğonaga kötarildi va oxirgi 10 yil içida eng yuqori natijalarga erişgan beşta davlat qatoriga kirdi. Keyingi sakkiz yilda iqtisodiyotimiz ikki baravardan köproqqa oşdi. Kambağallik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgaça pasaydi.
Oçiqlik siyosati natijasida qariyb 100 ta mamlakat uçun vizasiz rejim joriy etildi. Eksport geografiyasi doimiy ravişda kengayib bormoqda. Bu yil taşqi savdo aylanmasi tarixda birinçi marta 66 milliard dollardan oşdi. Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 39 milliard dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari, şuningdek, Özbekistonning Jahon savdo taşkilotiga aʼzo bölişini faol qöllab-quvvatlagani uçun elçilar vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga alohida minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz Gretsiya Respublikasi elçisiga murojaat qilar ekan, uşbu mamlakat Özbekistonning Yevropa Ittifoqidagi anʼanaviy va istiqbolli şeriklaridan biri ekanini taʼkidladi.
Joriy yilda ikki tomonlama siyosiy maslahatlaşuvlar muvaffaqiyatli ötkazildi. Aprel oyida Toşkentda Gretsiya elçixonasi öz faoliyatini boşladi.
Yil boşidan beri özaro savdo hajmi 5 baravar oşdi. Farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, energetika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida hamkorlikni rivojlantiriş muhimligi taʼkidlandi.
Yaqin fursatda Toşkentda ötkazilişi rejalaştirilgan Hukumatlararo komissiya yiğilişi va Özbekiston – Gretsiya biznes forumining samarali bölişini taʼminlaş zarurligi qayd etildi.
Indoneziya Respublikasi bilan munosabatlar haqida gapirar ekan, Prezidentimiz xalqlarimizni azaldan tarixiy, diniy va madaniy aloqalar boğlab turganini taʼkidladi.
Ikki mamlakat örtasidagi tovar ayirboşlaş hajmi yil boşidan 60 foizga oşgani taʼkidlandi. Kimyo sanoati, qişloq xöjaligi, telekommunikatsiya va turizm sohalarida qöşma korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Dekabr oyida töğridan-töğri aviareyslar yölga qöyiladi.
Kelgusi yili Toşkentda Hukumatlararo komissiya yiğilişi va biznes forumi hamda Jakartada siyosiy maslahatlaşuvlar ötkazilişi salmoqli natija berişiga işonç bildirildi.
Davlatimiz rahbari Latviya Respublikasi bilan munosabatlarni muhokama qiliş çoğida siyosiy va iqtisodiy aloqalar izçil rivojlanayotgani, işbilarmon doiralar örtasidagi aloqalar faollaşganini taʼkidladi.
Sönggi 5 yil içida Özbekistonning Latviyaga eksporti va qöşma korxonalarning soni uç baravar oşdi. Mamlakatimizda Latviya Investitsiyalar va taraqqiyot agentligining vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Yaqinda Rigada Özbekiston madaniyati kunlari va Rektorlar forumi muvaffaqiyatli ötkazildi.
Migratsiya sohasida kelişuv imzolanişi, aviaqatnovlar köpayişi va iqtisodiy hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalaniş ikki mamlakat xalqlari yanada yaqinlaşişiga xizmat qilişi taʼkidlandi.
Prezidentimiz Fransiya Respublikasi haqida söz yuritar ekan, faol siyosiy muloqot tufayli mamlakatlarimiz örtasidagi munosabatlar strategik şeriklik darajasiga kötarilganini taʼkidladi. Ötgan oyda Strategik rejalaştiriş guruhining birinçi yiğilişi bölib ötdi.
Joriy yilning mart oyida Parijga amalga oşirilgan oliy darajadagi tarixiy taşrif davomida 10 milliard dollarlik qöşma loyihalar böyiça kelişib olindi. Yil boşidan özaro savdo hajmi 1,2 milliard dollardan oşdi.
Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2030-yilgaça hamkorlik dasturi tasdiqlandi. Özbekiston – Fransiya qöşma universiteti oçildi.
Bu yil Parijda bölib ötgan Özbekiston madaniyati kunlari va turizm salohiyati körgazmasi xalqlarimiz örtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaşga xizmat qildi.
Kelgusi yilda Özbekiston – Fransiya investitsiya kengaşining birinçi yiğilişi va Hududlararo forumni ötkaziş zarurligi taʼkidlandi.
Rossiya Federatsiyasi – Özbekistonning uzoq yillik strategik hamkori va ittifoqçisi.
Ötgan yili özaro savdo hajmi 12 milliard dollarga yaqinlaşdi. Mamlakatimizda Rossiya sarmoyasi iştirokida 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Yil boşidan buyon 4 milliard dollarlik investitsiyalar özlaştirildi. Rossiyaning 15 ta oliy taʼlim muassasasining filiallari samarali faoliyat yuritmoqda.
Joriy yil Parlamentlararo komissiya yiğilişi, “INNOPROM” xalqaro sanoat körgazmasi, Hududlar rahbarlari kengaşi, siyosiy maslahatlaşuvlar, Rektorlar forumi, Rossiya madaniyati kunlari va boşqa tadbirlar ötkazildi.
Iqtisodiy hamkorlik böyiça hukumatlararo komissiyaning yiğilişini samarali ötkaziş, hududlararo muloqotni faollaştiriş muhimligi taʼkidlandi.
Yaponiya bilan strategik şeriklikni kengaytiriş – taşqi siyosatimizning ustuvor yönalişlaridan biri.
Özbekistonda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya taşqi savdo taşkiloti (JETRO) va Nagoya universitetining vakolatxonalari samarali faoliyat yuritmoqda.
Telekommunikatsiya, energetika, soğliqni saqlaş, infratuzilmani rivojlantiriş, taʼlim va turizm sohalarida 8 milliard dollarlik loyihalar amalga oşirilmoqda.
Strategik muloqotning birinçi yiğilişi avgust oyida, ötgan oy esa Samarqandda Rektorlar forumi bölib ötdi. Osakada “Expo-2025” körgazmasi doirasida Özbekiston Milliy kuni muvaffaqiyatli taşkil etildi.
Keyingi oy Tokioda bölib ötadigan oliy darajadagi muzokaralar va işbilarmon doiralarning muloqotlari ikki tomonlama hamkorlikka yangi surʼat bağişlaşiga işonç bildirildi.
Umumiy siyosiy iroda tufayli sönggi yillarda Özbekiston – Tojikiston munosabatlari strategik şeriklik va ittifoqçilik darajasiga kötarildi.
Çegara masalalari töliq tartibga solindi va transport aloqalari tiklandi. Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va işbilarmon doiralar örtasidagi hamkorlik kuçaydi.
Özaro savdo 5 barobardan ziyodga oşib, 1 milliard dollarga yaqinlaşdi. “Oybek-Fotexobod” erkin çegaraoldi savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazining taşkil etilişi tovar ayirboşlaşni karrasiga oşirişga xizmat qilişi taʼkidlandi.
Sanoat, transport, geologiya, energetika, qişloq xöjaligi va suv xöjaligi, turizm, taʼlim va madaniyat sohalarida qöşma loyihalarni amalga oşiriş uçun salohiyat borligi qayd etildi.
Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elçilarga şarafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi, hamkorlikni mustahkamlaş uçun barça mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanişga çaqirdi, hududlar va xususiy sektor vakillari bilan faol hamkorlik qilişni tavsiya qildi.
Öz navbatida, xorijiy diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uçun yaratilgan şaroitlar uçun minnatdorlik bildirib, Özbekiston bilan köp qirrali hamkorlikni faol rivojlantiriş uçun professional tajribasi va bilimlarini töliq safarbar etişga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.

