Özbekiston Prezidenti YOII sammitida iştirok etdi
Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni Sankt-Peterburg şahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengaşining navbatdagi yiğilişida kuzatuvçi davlat rahbari maqomida iştirok etdi.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukaşenko raisligida ötgan uçraşuvda Armaniston Respublikasi Boş vaziri Nikol Paşinyan, Qozoğiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirğiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham qatnaşdilar. YOII kuzatuvçi davlatlari rahbarlari – Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeşkiyon iştirokçilarga videomurojaat yölladilar. Taklif qilingan davlat vakili sifatida tadbirda Indoneziya Respublikasi savdo vaziri Budi Santoso iştirok etdi.
Kun tartibidan köp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytiriş, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qöllab-quvvatlaş, transportni rivojlantiriş va özaro hamkorlikning ustuvor yönalişlarida qöşma dasturlarni amalga oşiriş masalalari örin oldi.
Özbekiston Prezidenti nutqining avvalida YOII mamlakatlari bilan özaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytiriş mamlakatimiz taşqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yönalişlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Keyingi tört yilda kuzatuvçi davlat maqomidagi hamkorlik davrida Özbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboşlaş hajmi qariyb ikki baravarga oşdi va 20 milliard dollarga yaqinlaşdi.
Savdo, sanoat, moliya tizimi, qişloq xöjaligi, transport va boşqa sohalarda 40 ga yaqin çora-tadbirlarni öz içiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan 2026-yilgaça hamkorlik rejasi tizimli ravişda amalga oşirilmoqda. Kelgusi yilda qöşma Işçi guruhning beşinçi yiğilişini Toşkentda ötkaziş rejalaştirilgan.
Özbekiston savdo va yuk taşişni raqamlaştiriş, elektron tijoratni joriy etiş va iqlim özgarişiga qarşi kuraşiş sohalarida YOIIning bir qator tarmoq dasturlarida faol iştirok etmoqda.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengaşining bu galgi yiğilişi doirasida Özbekiston va YOII örtasida bojxona çegaralari orqali ötkazilayotgan tovarlar va transport vositalari töğrisidagi maʼlumotni almaşiş töğrisida bitim tuziş yuzasidan muzokaralarni boşlaş qarori qabul qilindi.
– Işonçimiz komil, çegaralararo maʼlumotlar almaşinuvi bojxona nazorati samaradorligini oşirişga, keçikişlarni kamaytirişga va transport tizimlarimizni Yevroosiyo yölaklariga integratsiya qilişga xizmat qiladi, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Özbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan özaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yönalişlariga alohida töxtalib ötdi.
Xususan, davlatimiz rahbari özaro tovar ayirboşlaşda savdo tösiqlarini bosqiçma-bosqiç bartaraf etiş muhimligini taʼkidladi. Texnik jihatdan tartibga soliş, sanitariya va fitosanitariya standartlariga yondaşuvlarni uyğunlaştiriş uçun MDH va YOII institutlari faoliyatini muvofiqlaştirişni kuçaytiriş zarurligi körsatib ötildi. Şu maʼnoda, Özbekiston yetakçisi ortiqça tartib-taomillarni bartaraf etiş va talablarni birxillaştiriş böyiça “yöl xaritasi”ni işlab çiqiş taklifini bildirdi.
Texnik jihatdan tartibga soliş, sertifikatlaştiriş va bojxona maʼmurçiligidagi tafovutlar bilan boğliq masalalarni tezkor hal etiş uçun tarif va notarif tösiqlar böyiça “Özbekiston – YOII” qöşma Muvofiqlaştiruvçi guruhini taşkil etiş taklifi ilgari surildi.
Sanoat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytiriş maqsadida mamlakatimiz rahbari maşinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boşqa sohalardagi loyihalar röyxatini birgalikda tuzişni taklif qildi.
Özbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qöşilişi munosabati bilan hamkorlikning strategik yönalişlarini birgalikda belgilaş hamda ustuvor infratuzilmaviy va “yaşil” loyihalarni, kiçik va örta biznesni qöllab-quvvatlaşni qamrab olgan “yöl xaritasi”ni işlab çiqiş taşabbusi bildirildi.
Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantiriş haqida gapirar ekan, Özbekiston Prezidenti bojxona maʼmurçiligini raqamlaştiriş va yuk taşişda “uzluksiz” modelga ötiş masalalari ustuvor vazifa ekanligini qayd etdi.
– Raqamli platformalarni, jumladan, elektron savdo va raqamli markirovkani uyğunlaştiriş böyiça “yöl xaritasi”ni YOIK bilan birgalikda tayyorlaşni taklif etamiz, – dedi Özbekiston Prezidenti.
Özbekiston YOIIning, eng avvalo, biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika yönalişlaridagi texnologik platformalariga qöşilişdan manfaatdor.
Turizm almaşinuvini rağbatlantiriş va turistik mahsulotlarning özaro boğliqligini taʼminlaş maqsadida davlatimiz rahbari Özbekiston turizm sohasida integratsiyalaşgan axborot resursini şakllantiriş işlariga qöşilişga ham tayyorligini bildirdi.
Yakunda davlatimiz rahbari Özbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan keng qamrovli va özaro manfaatli şeriklikni kengaytirişga qatʼiy intilişini yana bir bor tasdiqladi.

