Soğliqni saqlaş tizimini takomillaştiriş böyiça kompleks çora-tadbirlar taqdimot qilindi

Soğliqni saqlaş tizimini takomillaştiriş böyiça kompleks çora-tadbirlar taqdimot qilindi

21.01.2026 12:18167

Prezident Şavkat Mirziyoyev soğliqni saqlaş tizimini takomillaştiriş, aholiga tibbiy xizmat körsatiş sifatini hamda sohada amalga oşirilayotgan islohotlarning samaradorligini oşirişga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanişdi.

Taqdimotda, avvalo, ötkir yurak qon-tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini oliş va davolaşni takomillaştiriş böyiça işlab çiqilgan çora-tadbirlar muhokama qilindi.

Rejaga köra, “Stent for Life” va “Action Plan for Stroke” xalqaro dasturlari asosida işlab çiqilgan “Infarkt va insultga qarşi kuraşiş” milliy dasturi 2026-yil 1-maydan boşlab Samarqand viloyati va Toşkent şahrida, 1-oktabrdan Andijon, Namangan va Farğona viloyatlarida, 2027-yildan esa boşqa hududlarda amaliyotga joriy etiladi.

Milliy dastur doirasida 30 yoşdan oşgan aholi örtasida sörovnoma ötkaziş hamda natijasiga köra aniqlangan xavf guruhiga mansub fuqarolarni maqsadli tibbiy tekşiruvlardan ötkaziş hamda bemorlarga şoşilinç tibbiy xizmat körsatiş algoritmlari va klinik marşrutlarini amaliyotga joriy etiş nazarda tutilgan.

Şuningdek, mazkur kasalliklarda şoşilinç tibbiy yordam körsatişda xalqaro standartlarga muvofiq “oltin soat” tamoyilining vaqt meʼyorlari joriy etiladi.

Taqdimotda tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik va raqamli imkoniyatlarini keskin oşirişga qaratilgan çoralar ham keltirildi. Brigadalar telemetrik elektrokardiograf va monitorli defibrillyatorlar bilan taʼminlanadi. Şu jumladan, EKG natijalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qiliş va axborot tizimi orqali yuboriş, şuningdek, tez tibbiy yordam brigadalari va şifoxonalar örtasida real vaqt rejimida maʼlumot almaşiş imkoniyati yaratiladi.

Statsionar tibbiyot muassasalarida insultni sunʼiy intellekt asosida taşxislaş imkoniyati yaratilib, bemorlarning harakat marşruti raqamlaştiriladi. Şifoxonalar esa şoşilinç holatlarda jarrohlik amaliyotlarini ötkaziş uçun tromb erituvçi dori vositalari hamda zarur sarflov materiallari bilan taʼminlanadi.

Şoşilinç statsionar tibbiy xizmat körsatişga nodavlat tibbiyot taşkilotlarini jalb qiliş, ötkir yurak-qon tomir va boş miyada qon aylanişining ötkir buzilişi holatlarida körsatilgan tibbiy xizmatlar Davlat tibbiy suğurtasi jamğarmasi orqali moliyalaştiriladi.

Milliy dastur doirasida “Elektron soğliqni saqlaş” axborot tizimida bemorlar hamda xavf guruhidagi aholining elektron reyestri yuritilişi taʼminlanadi.

Aholi örtasida profilaktika va tarğibot işlariga ham alohida urğu berildi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ijtimoiy roliklar, infografika, animatsiya va qisqa metrajli videoroliklar tarqatiş, bozor va savdo markazlari yaqinida bilbord va bannerlar joylaştiriş, taʼlim muassasalari, korxona va mahallalarda infarkt va insult alomatlarini barvaqt aniqlaş böyiça seminar-treninglar ötkaziş rejalaştirilgan.

Şuningdek, “Angels Initiative” xalqaro taşabbusining “FAST Heroes” dasturi asosida maktab öquvçilari uçun maxsus maşğulotlar taşkil etiladi. Har yili 29-sentabr – Butunjahon yurak kuni va 29-oktabr – Butunjahon insultga qarşi kuraşiş kuni munosabati bilan bepul qon bosimi, qand va xolesterin körsatkiçlarini ölçaş, aholining şoşilinç yordam körsatiş böyiça savodxonligini oşirişga qaratilgan ommaviy tadbirlar ötkaziladi.

Dasturni moliyalaştirişga 2026-yilda 239 milliard söm, 2027-yildan boşlab 280 milliard söm ajratilişi taʼkidlandi.

Taqdimotda, şuningdek, 2026-2030-yillarda qon bilan işlaş xizmatini yanada takomillaştiriş böyiça takliflar körib çiqildi.

Qon mahsulotlariga talab ortib borayotgani inobatga olinib, xizmat imkoniyatlarini kengaytiriş va davolaş muassasalarining qon hamda qon mahsulotlariga ehtiyojini töliq taʼminlaşga qaratilgan maqsadli çora-tadbirlari işlab çiqilgan.

Jumladan, Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti tavsiyalari asosida har ming nafar aholiga qon topşirişlarning (donatsiyalar) sonini 10 tadan 30 tagaça oşiriş, jami donatsiyalarning sonini 1 milliontagaça köpaytiriş orqali tayyorlanadigan qon zaxirasini 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkaziş, beğaraz qon donorlarining sonini 300 ming nafardan 900 ming nafarga yetkaziş maqsad qilingan.

Yetakçi xalqaro tajriba asosida qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini taʼminlaşga qaratilgan standart operatsion jarayonlar, xavfsizlik bayonnomalari hamda zamonaviy skrining usullari joriy etiladi. Şu bilan birga, qon xizmati tizimi xodimlarining kasbiy bilim va könikmalari oşiriladi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi hamda beğaraz donorlik harakati qöllab-quvvatlanadi.

Qon bilan işlaş tizimini tubdan takomillaştiriş uçun “ehtiyoj – qayta işlaş – yetkaziş” zanjirida jarayonlarni boşqariş tizimi joriy etiladi.

Raqamli platforma doirasida “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritiş” axborot tizimi joriy qilinib, qon va uning tarkibiy qismlari harakatini nazorat qiliş, şoşilinç tibbiy yordam bilan integratsiyalangan holda buyurtma beriş, muassasalarning zaxirasini onlayn monitoring qiliş imkoniyati yaratiladi.

Qon bilan işlaş xizmatini moliyalaştiriş uçun 2026-yilda 308 milliard söm, 2026-2030-yillarda esa sohani takomillaştirişga jami 1,75 trillion söm nazarda tutilgani qayd etildi.

Taqdimotda respublika ixtisoslaştirilgan ilmiy-amaliy markazlar va klinikalar faoliyatini örganiş natijalari haqida axborot berildi.

Işçi guruhlar 2025-yil sentabr-dekabr oylarida 37 ta respublika darajasidagi tibbiyot markazlari va klinikalar faoliyatini kompleks örganib, qator taşkiliy va boşqaruv kamçiliklarini aniqlagan. Ularni bartaraf etiş uçun 27 ta banddan iborat çora-tadbirlar rejasi işlab çiqilgan bölib, u tibbiy xizmat sifatini oşiriş, hududlar bilan işlaşni tizimli yölga qöyiş, boşqaruv tizimini takomillaştiriş, kadrlar salohiyati va ilmiy-tadqiqot faoliyati, moliyaviy intizom va resurslardan samarali foydalaniş yönalişlarini qamrab oladi.

Soğliqni saqlaş tizimini isloh qilişda xorijiy ekspertlarni jalb etiş masalasi ham muhokama qilindi.

Jamoat salomatligi, soğliqni saqlaşni rejalaştiriş va milliy laboratoriya tizimini isloh qiliş böyiça texnik şartlar işlab çiqilgan bölib, mazkur çora-tadbirlarni amalga oşirişda 25 ta xalqaro va 19 ta mahalliy ekspertni jalb qiliş taklif etildi.

Şuningdek, Respublika onkologiya markazi va uning hududiy filiallarini modernizatsiya qiliş loyihasi taqdimot qilindi.

2021-yilda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Özbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qiliş (II bosqiç)” loyihasi doirasida markazning yangi majmuasi va uning 13 ta filiali uçun jami 61 million dollarlik 119 turdagi tibbiy uskunalar xarid qilingan. Yana 5,6 million dollar hisobiga qöşimça 5 turdagi uskunalar xarid qilinişi nazarda tutilgan.

Bunga qöşimça ravişda jalb qilinadigan 10 million dollar hisobidan markaz uçun 80 turdagi 1027 dona tibbiy jihozlar, şuningdek, radiofarmatsevtik mahsulotlar işlab çiqarişga möljallangan siklotron va radiosintez laboratoriyasini xarid qiliş taklif etildi.

Şuningdek, davlatimiz rahbariga farmatsevtika tarmoğini rivojlantiriş, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan taʼminlaş böyiça amalga oşirilayotgan işlar haqida axborot berildi.

Farmatsevtika tarmoği hozirda sanoatimizning yuqori surʼatlarda ösib borayotgan yönalişlaridan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda tarmoqda 2,3 milliard dollarlik 156 ta loyiha amalga oşirilmoqda, 2025-yilda 362 million dollarlik xorijiy investitsiyalar özlaştirildi hamda 2,4 mingdan ziyod yangi iş örinlari yaratildi.

Tarmoq korxonalari tomonidan qiymati 7,3 trillion sömlik mahsulot işlab çiqarildi, dunyoning 55 ta davlatiga 220 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.

Dori vositalari sifatini taʼminlaş va byurokratiyani qisqartiriş böyiça amalga oşirilgan sönggi islohotlar natijasida tadbirkorlar tomonidan ilk bor 130 turdagi import dori vositalarini transfer texnologiyasi asosida Özbekistonda işlab çiqariş böyiça işlar boşlandi.

Şuningdek, 2 ming nomdagi import dori vositalarining referent narxlari qayta belgilangani hisobiga dorilarning ulgurji narxlari 40-60 foizga pasaytirildi.

Taqdimotda import örnini bosuvçi mahalliy dori vositalarining sifatini oşiriş hamda ommabopligini taʼminlaş, buning uçun investorlarga zarur şart-şaroitlar yaratiş, işlab çiqariş va laboratoriya quvvatlarini oşiriş hamda şaffof sifat nazorati tizimini yölga qöyiş zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, tegişli qarorlarni imzoladi. Mutasaddilarga belgilangan çora-tadbirlarni öz vaqtida va sifatli bajariş, muhokama qilingan yönalişlarda aniq natijalarga erişiş topşirildi.

 

president.uz

Ulaşiş: