Asosiy kuç va eʼtibor şaroiti oğir tuman va mahallalarga qaratiladi

Asosiy kuç va eʼtibor şaroiti oğir tuman va mahallalarga qaratiladi

26.01.2026 17:29164

Prezident Şavkat Mirziyoyev raisligida kambağallikni qisqartiriş va aholi bandligini taʼminlaş böyiça 2026-yilda amalga oşirilişi lozim bölgan asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yiğilişi bölib ötdi.

Davlatimiz rahbari yiğiliş avvalida 2025-yil yakunlariga qisqaça töxtaldi.

Taʼkidlanganidek, ötgan yilda iqtisodiyotimiz dastlabki prognozlarga nisbatan ança yuqori surʼatlarda 7,7 foizga ösib, yalpi içki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oşdi. Iqtisodiyotning barça tarmoqlarida ösiş surʼatlari 2024-yilga nisbatan yuqori böldi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga, eksport esa 33,8 milliard dollarga yetdi.

Yuqori iqtisodiy faollik va ösib borayotgan isteʼmol talabiga qaramasdan, inflyatsiya darajasi 2024-yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi.

– Iqtisodiy ösiş qançalik barqaror bölsa, infratuzilmani yaxşilaşga şunçalik köproq mablağ yönaltiriş mumkin böladi. Bu esa pirovardida bandlikni taʼminlaş, daromadlarni oşiriş va aholi turmuş farovonligini yuksaltirişga xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari ortda qolgan bir yilda 366 ming oila kambağallikdan çiqqani, aholi bandligini taʼminlaş va daromadlarini oşiriş böyiça körilgan çora-tadbirlar natijasida kambağallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, işsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tuşganini qayd etdi.

– Bularning barçasi islohotlarimiz samarasi bölib, davlat va xalq örtasidagi işonç tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Lekin hali oldimizda qiladigan işlarimiz juda köp, – dedi Prezident.

Qayd etilganidek, mahalla islohotlar qayerda işlayapti, qayerda töxtayapti degan savollarga aniq javob berib beradigan asosiy böğin hisoblanadi. Agar mahallada işsiz odam yoki kambağal oila saqlanib qolayotgan bölsa, demak, islohot öşa joyga yetib bormagan. Agar “yettilik” va bank tizimi aholi muammosini hal qila olmayotgan bölsa, demak, tizim işlamayapti.

– Imkoniyat bor, mablağ bor, qaror va dasturlar bor. Yetişmayotgan narsa – masʼuliyat va şaxsiy javobgarlik, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz mavjud imkoniyatlarni işga solişda hokimlar va “mahalla yettiligi”da metodik bilim va amaliy tajriba yetişmayotgani, masʼul vazirlik va idoralar esa ularga yetarli darajada kömaklaşmayotganini tanqid qildi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda işsizlik va kambağallik yuqori bölgan mahallalar imkoniyatlarini örganib, eng yaxşi tajribalar asosida metodik qöllanma işlab çiqiş topşirildi. Hokimlar esa joylarda uning ijrosini taʼminlab, aholini iş bilan taʼminlaş, daromadini oşiriş va ularni qiynayotgan masalalarga aniq yeçim topiş uçun şaxsan masʼul böladi.

Yiğilişda joriy yil uçun 1 million nafar aholini doimiy iş bilan taʼminlaş, 181 ming oilani kambağallikdan çiqariş, kambağallikdan xoli mahallalarning sonini 2,5 barobar oşirib, 3,5 mingtaga yetkaziş, işsizlik va kambağallik darajasini 4,5 foizga tuşiriş vazifalari belgilab olindi.

Yiğilişda “oğir” tuman va mahallalarda aholini iş bilan taʼminlaş va daromadini oşiriş masalalari atrofliça körib çiqildi.

Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlaş zarurligi qayd etildi.

Şu maqsadda 903 ta mahallaning har birida quvvati 300 kilovatt bölgan kiçik quyoş elektr stansiyalari qurilib, mahallalarga “beğaraz aktiv” sifatida beriladi. Uşbu stansiyalar hisobidan har bir mahallada 400-500 million söm qöşimça daromad keltiradigan “iqtisodiy aktiv” şakllantiriladi.

Olinadigan “yaşil” daromadlar “yaşil” çora-tadbirlarni amalga oşirişga, xususan, ehtiyojmand xonadonlarni energiya tejamkor taʼmirlaş, elektr xarajatlarini kamaytiriş va turmuş sifatini yaxşilaşga yönaltiriladi. Quyoş stansiyalarining ekspluatatsiya qiliş işlariga mazkur mahallalarda yaşovçi kambağal oilalar aʼzolari işga jalb qilinadi.

Bu işlar ixtisoslaşuv darajasi yuqori bölgan yana 1 mingta ilğor mahallada ham amalga oşiriladi. Kiçik quyoş stansiyalari tayyor holda 7 yil muddatga mahallalarga foizsiz lizing asosida beriladi.

Prezidentimiz işsizlik va kambağallikni qisqartirişda mahallalarning ixtisoslaşuvini yanada çuqurlaştiriş hal qiluvçi ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Bugungi kunda 903 ta “oğir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari mavjud. Agar hokimlar “mahalla yettiligi” bilan birgalikda suv taʼminotini yaxşilab, uruğ-köçat bilan taʼminlab, ixtisoslaşuvni tizimli yölga qöysa, aholi daromadi va turmuş şaroitida keskin özgariş qilişi mumkinligi taʼkidlandi.

Mahallalarda ixtisoslaşuvni rağbatlantiriş maqsadida qöşimça moliyaviy mexanizmlar joriy etiladi. Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xöjaliklari uçun sertifikatlangan köçatlarni xarid qiliş xarajatining 50 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi. Meva turiga qarab, “şpaler”lar uçun 20 ming sömdan 70 ming sömgaça subsidiya ajratiladi. Tomorqada tomçilatib suğorişni joriy qilganlarga har 1 sotix uçun 160 ming söm kompensatsiya tölanadi.

Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetiştirişni yölga qöysa, 2 million söm, agar buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida amalga oşirsa, qöşimça ravişda 75 million sömdan mukofot oladi.

Şuningdek, joriy yilda 2 ming gektar örmon yerlari 4 ming kambağal oilaga 50 sotixdan tutzor barpo etiş uçun 10 yilga bepul ajratiladi. Pillaçilik kooperatsiyasini taşkil etiş uçun ehtiyojmand oilalarga 4 million sömdan subsidiya, uyida pilla yetiştiriş istagida bölganlarga esa xonadonni jihozlaş va uskuna xaridi uçun 20 million sömgaça foizsiz ssuda beriladi.

Yiğilişda joriy yilda kiçik va örta biznesni rivojlantiriş uçun 140 trillion söm kredit ajratilişi belgilangani qayd etildi.

– Oçiğini aytiş kerak, hozir banklar barça tuman va şaharlarga bir xil şartda kredit taklif qilyapti. Lekin Olmazor bilan Bözatovning imkoniyati va şaroiti bir xil emas. Şu bois, 37 ta “oğir” tumanda “oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi, – dedi Prezidentimiz.

Barça tumanlarda “oilaviy tadbirkorlik” böyiça imtiyozli kreditning eng yuqori miqdori 1,5 barobar oşirilib, 50 million sömga yetkaziladi. Import qilingan va sertifikatlangan nasliy çorva uçun 100 million sömgaça, uy mehmonxonasi, kiçik muzlatkiç, mahsulotni saqlaş va qayta işlaş minitexnologiyalari uçun esa 150 million sömgaça garovsiz kredit ajratiladi.

Çegara va anklav hududda joylaşgan 563 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 milliard sömgaça oşiriladi. Bu maqsadda “oilaviy tadbirkorlik” dasturlariga rejalaştirilgan 3,6 trillion sömga qöşimça ravişda yana 2 trillion söm resurs yönaltiriladi.

Mahallalar ixtisoslaşuvini çuqurlaştiriş uçun joriy yil banklar tomonidan jami 17 trillion söm kredit ajratiladi. Bunda mahsulot yetiştirişga olingan kreditning 4 foizi, uni qayta işlaş loyihalarida esa 6 foizi kompensatsiya qilib beriladi.

Hokim yordamçilarining işini “loyihaviy yondaşuv” asosida taşkil qiliş zarurligi qayd etildi.

Har bir tuman kesimida “loyihaviy yondaşuv” asosida amalga oşiriladigan loyihalar portfeli şakllantiriladi. “Oğir” mahallalardagi böş yer uçastkalari va davlat obyektlarining boşlanğiç narxini 2-3 barobarga pasaytirib, ularni sotuvga çiqariş amaliyoti joriy etiladi.

Iş örni yaratiş va aholi daromadini oşiriş böyiça eng yaxşi natija körsatgan 100 ta “oğir” mahallaga 1 milliard sömdan qöşimça mablağ ajratiladi. Mazkur mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamçilari Xitoy, Turkiya, Koreya va Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oşiriş kurslariga yuboriladi.

Misol sifatida Olmazor tumanidagi “Kaykovus” kanali böylab amalga oşiriladigan loyiha keltirildi. Uşbu kanalning 2 kilometr qismi “Eski şahar” hududidagi 8 ta mahalladan ötadi. Endi mazkur mahallalardagi hokim yordamçilari yagona “loyiha guruhi”ga birlaşib, yaxlit konsepsiya asosida kanal böyida savdo, servis va dam oliş infratuzilmasini rivojlantiriş işlarini amalga oşiradi.

Xuddi şu tartibda turizm, taʼlim, tibbiy xizmatlar, renovatsiya, köl böylari va gavjum köçalar böyiça ham hokim yordamçilaridan iborat maxsus “loyiha guruhlari” taşkil etiladi.

“Mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oşiriş böyiça poytaxtda yölga qöyilgan tajriba endilikda barça tuman va şaharlarda ham joriy etiladi. Bundan buyon hokim yordamçisi, xotin-qizlar faoli va yoşlar yetakçisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi.

Davlatimiz rahbari yana bir muhim masalaga eʼtibor qaratdi. Mamlakatimizda aholi va qişloq xöjaligini röyxatga oliş böyiça keng kölamli tadbir boşlangani qayd etildi.

Hozirga qadar jami 7 million 613 ming xonadondan 4 million 776 mingtasi röyxatdan ötgan. Biroq uşbu jarayon Toşkent şahri, Farğona, Surxondaryo, Buxoro va Toşkent viloyatida sust keçayotgani körsatib ötildi.

– Bu kabi muhim tadbir mamlakatimizda sönggi 37 yil içida birinçi marta ötkazilmoqda. Röyxatga oliş har bir mahalla va har bir oilaning real holatini aniqlaş, kelgusi rejalarni şu asosda belgilaş, eng muhimi, aholi turmuş farovonligini oşirişga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etişga xizmat qiladi, — dedi Prezidentimiz va barça yurtdoşlarimizni röyxatga oliş tadbirida faol iştirok etişga çaqirdi.

Yiğilişda tuman hokimlari, mahalla raislari va hokim yordamçilarining hisobotlari hamda takliflari tinglandi.

 

president.uz

Ulaşiş: