Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar belgilandi
Prezident Şavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqiçga olib çiqiş, aholini ommaviy sportga keng jalb etiş, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillaştiriş masalalari yuzasidan videoselektor yiğilişi bölib ötdi.
Yiğiliş avvalida davlatimiz rahbari sport nafaqat musobaqa, balki soğlom turmuş tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon etadigan katta kuç ekanini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, sönggi töqqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonçasi barpo etildi. Hududlarda 200 dan ortiq yirik sport inşooti, 4 mingga yaqin xususiy sport klubi iş boşladi. Sport bilan professional şuğullanuvçi yoşlar soni 2 karra oşdi, olimpiya terma jamoalari sportçilari 2 barobar, paralimpiya böyiça esa 3 barobar köpaydi.
Birgina ötgan yilda sportçilarimiz xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumuş va 501 ta bronza medalni qölga kiritdi. Ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.
Yiğilişda sohada erişilayotgan yutuqlar bilan birga mavjud muammo va kamçiliklar ham çuqur tahlil qilindi.
Bugun olimpiada sport turlari böyiça faoliyat yuritayotgan 26 ta federatsiya rahbarlari va hokimlar joylardagi mavjud imkoniyatlarni töliq işga solmagani tanqid qilindi. Xususan, 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatining imkoniyatlaridan samarali foydalanilganda, çempion tayyorlaş va musobaqalarga litsenziya qölga kiritiş borasida natijalar yanada yuqori bölişi mumkinligi körsatib ötildi.
Bu borada ijobiy tajribalar ham qayd etildi. Masalan, Zarbdor tumanida ötgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yoş ommaviy sportga jalb etilgan. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslaştirilgan. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni va fitness klub taşkil qilingan. Natijada Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi böyiça joriy yilgi Özbekiston çempionatiga mezbonlik qiladi.
Mutasaddilarga Zarbdor tajribasini örganib, uni barça hududlarda joriy qiliş topşirildi.
Ayrim maktablarda tögaraklar faqat nomiga taşkil etilgani, şu bois, ularga 3-4 nafardangina bola qatnaşib kelayotgani körsatib ötildi. Jumladan, ötgan yili Jizzax, Qaşqadaryo va Farğonadagi maktab öquvçilarining törtdan biri jismoniy tayyorgarlik böyiça minimal talabni ham bajara olmagan.
Hokimlar oldiga har bir maktabda sport tögaraklari uçun zarur şaroit yaratiş, qamrovni oşiriş va bolalarni sportga keng jalb etiş vazifasi qöyildi.
Bugun ayrim ixtisoslaşgan sport maktablarining natijasi oddiy sport maktablaridan farq qilmay qolgan. Masalan, Termiz şahridagi 4 ta ixtisoslaşgan maktabning natijasi Jarqörğondagi bitta sport maktabiçalik emas. Jarqörğon sport maktabi ötgan yili Osiyo va jahon çempionatlarida 6 ta sovrin olgan bölsa, viloyatdagi 4 ta ixtisoslaşgan maktabda jami 1 ta medal bor, xolos.
Şu munosabat bilan har bir ixtisoslaşgan sport maktabi direktori, jamoasi va murabbiylarining iş uslubini özgartiriş, ösiş nuqtalarini aniq belgilaş, ularning oylik maoşini tarbiyalanuvçilar natijasiga boğlaş zarurligi taʼkidlandi.
Qolaversa, yuqori natijaga erişgan sport maktablarini amaldagi rağbatlantirişdan taşqari yana 500 million sömdan alohida mukofotlaş tizimi joriy etiladi.
Oliy taʼlim muassasalarida sportni rivojlantiriş işlari ham tanqidiy körib çiqildi. Federatsiyalar bilan hamkorlik, iqtidorli talabalarga individual murabbiy biriktiriş işlari yetarli emasligi qayd etildi. Jizzax politexnika instituti, Toşkent tibbiyot universitetining Termiz filiali, Qarşi davlat texnika universiteti va Buxoro davlat universitetida talabalarning 70 foizi jismoniy normativlarni topşira olmagan. Bu esa mazkur oliygohlarda sport klublari yetarli darajada işlamayotganini anglatadi.
Şu munosabat bilan 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining bu boradagi ijobiy tajribasini örganiş, sportni rivojlantiriş böyiça bir yillik aniq reja işlab çiqiş topşirildi.
Yiğilişda alohida sport turlari kesimida ham natijalar va muammolar tahlil qilindi. Xususan, öq otiş bazasida zarur şaroitlar yaratilgani tufayli uşbu sport turida sezilarli natijalarga erişilmoqda. Futbol, sport kuraşlari, velosport, yengil atletika va suzişda ham ijobiy siljişlar borligi eʼtirof etildi.
Şu bilan birga, Jizzaxdagi 6 ta qiliçbozlik bazasida şuğullanuvçilar soni 100 nafarga ham yetmasligi, batut va akrobatika böyiça salohiyatdan töliq foydalanilmayotgani, tennis va ot sportida natijalar yetarli emasligi tanqid qilindi.
Bugun sportçilarni jarohatdan tiklaş, muşak holatini tekşiriş va funksional tahlil qiliş işlari asosan xorijda amalga oşirilayotgani, federatsiyalar sport şifokori, farmakolog va diyetologlarni çetdan jalb qilişga majbur bölayotgani ta’kidlandi.
Endilikda har bir ixtisoslaşgan tibbiyot markazi tegişli sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi. Ular har oy terma jamoa aʼzolarining soğliğini diagnostika qiladi, jarohat oliş xavfini baholaydi, jismoniy yuklamani ilmiy tahlil qilib, murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.
Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarni yangi bosqiçga olib çiqişga qaratilgan qator taşabbuslarni ham ilgari surdi.
Endilikda mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat qamrov bilan emas, balki aholining salomatlik körsatkiçlari böyiça ham baholanadi. Har bir viloyatda bittadan tumanda “salomatlik balansi” şakllantiriladi. Sport bilan faol şuğullanuvçi aholi orasidan “soğlom hayot volontyorlari” korpusi taşkil qilinadi. Ular mahallalarda sport va soğlom turmuş tamoyillarini tarğib qiladi.
Har bir tumanda uşbu tizimda eng namunaviy bölgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlari berib boriladi. Qaysi mahallada sportga qamrov oşsa, aholining salomatligi yaxşilansa, yurak-qon tomir va diabet kasalliklari kamaysa, yil yakuni bilan volontyor va mahalla raisiga 15 million sömgaça mukofot beriladi. Uşbu mahallada ommaviy sportga masʼul trenerga esa 200 foizgaça oylik ustama tölanadi.
Dunyoda maxsus jihoz va katta infratuzilmani talab qilmaydigan intensiv maşğulotlar, jumladan, kross-fit ommalaşayotgani qayd etildi. Şu bois, 1-maygaça barça maktab va texnikumlarda bu böyiça tögaraklar taşkil etiş topşirildi. Kelgusi yildan kross-fit “Beş taşabbus” tizimiga kiritiladi.
Yiğilişda davlat organlari va taşkilotlarida ham sportni ommalaştiriş böyiça yangi tartib belgilandi. Endi har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat va tuman hokimi öz xodimlarining sport bilan şuğullanişi uçun namuna bölişi va şaroitlarni kengaytirişi şart.
Şu maqsadda haftaning bir kuni sport kuni sifatida belgilanadi. Bu kunda vazirlik, idora va taşkilotlarda sport maşğulotlari ötkaziladi. Joriy yildan boşlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar örtasida respublika birinçiliklari ötkaziladi.
Xususiy sektor mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantiriş uçun qöşimça imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, tadbirkorlar öz işçi-xizmatçilari uçun sport zali va maydonça quriş hamda jihozlaşga qilgan xarajatlarini foyda soliği bazasidan çegira oladi. Jalb qilingan murabbiylar uçun daromad soliği va ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Yiğilişda aholini sportga jalb qiliş va seleksiya işlarida “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondaşuv joriy etilişi maʼlum qilindi.
Endi oliygoh rektori, federatsiya rahbari va hokim örtasida uç tomonlama şartnoma tuziladi. Unga köra, hokimlar hududdagi maktab, texnikum va boşqa sport obyektlarida darsdan taşqari vaqtda sport tögaraklari taşkil etiş uçun şart-şaroit yaratadi.
Şuningdek, sport yönalişidagi oliygohlar talabalarini dual taʼlim bilan qamrab olib, ularni murabbiylik qiliş uçun tögaraklarga yuboriş muhimligi qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik tarzda murabbiylik sertifikati beriladi. Tögaraklardan tuşgan daromadning 50 foizi murabbiy talaba ixtiyorida qoladi. Dual taʼlim bitiruvçilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikati ham beriladi.
Yiğilişda joriy yilda yangi tizim orqali doimiy sport bilan şuğullanuvçilar sonini 2 karra oşirib, 1 million nafarga yetkaziş vazifasi qöyildi.
Mutasaddilarga sunʼiy intellekt yordamida sportçi va murabbiylar natijalarini tahlil qiliş, maşğulotlar rejasini tuziş imkonini beradigan yagona platforma yaratiş topşirildi.
Sport sohasidagi ilmiy işlar esa bundan buyon faqat dolzarb muammolar yeçimiga qaratilgan bölişi, natijasi töğridan-töğri amaliyotga joriy qilinişi şartligi körsatib ötildi. Agar olimlarning ilmiy işi natija berib, sportçilarning yutuqlari va xalqaro musobaqalardagi medallari köpaysa, bunday olimlar 100 million sömdan mukofotlanadi.
Olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirişga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yildan Prezident olimpiadasi doirasida musobaqa ötkaziladigan sport turlari 2 karra köpaytirilib, 21 taga yetkaziladi. Endi mazkur musobaqalar parasport böyiça ham taşkil etiladi. Har bir tuman va viloyat hokimi öz hududida Hokim olimpiadasini ötkazadi. Ularning ğoliblari Prezident olimpiadasiga yöllanma oladi.
Adaptiv sport turlari böyiça kadr tayyorlaş va malaka oşiriş tizimi ham tubdan yangilanadi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toşkent filiali inklyuziv sport böyiça tayanç oliygohga aylanadi.
Prezidentimiz parasportçilarimiz erişayotgan natijalarda ularga tun-u kun hamrohlik qilayotgan fidoyi insonlarning hissasi katta ekanini taʼkidladi. Endi öquv-yiğinlar, respublika va xalqaro musobaqalarda parasportçiga hamrohlik qilgan şaxslarning transport va yaşaş xarajatlari qoplab beriladi. Ularga har oy sport maktabi trenerlari oyligiga teng miqdorda maoş tölanadi.
Davlatimiz rahbari Özbekistonda sport inson salomatligi va yuqori natijalar garovi böliş bilan birga daromad keltiradigan sohaga ham aylanişi zarurligini taʼkidladi.
Şu nuqtayi nazardan, futbol böyiça milliy çempionat öyinlarini taşkil etiş masalalari ham körib çiqildi. Ayrim öyinlar iş vaqtida ötkazilayotgani sababli muxlislar taşrifi kutilgan darajada emasligi aytildi.
Öyinlar vaqtini dam oliş kunlari yoki iş kunlari keçki soat 19:00 dan keyin belgilaş, stadionlar atrofida qöşimça xizmatlar, musiqiy va köngiloçar tadbirlar taşkil etiş, muxlislar uçun qulay transport qatnovini yölga qöyiş, arzon futbol turpaketlarini taklif etiş orqali stadionlarga muxlislar taşrifini keskin oşiriş böyiça dastur işlab çiqiş topşirildi.
Yiğilişda joylardagi sport infratuzilmasi holati ham körib çiqildi. Qayd etilganidek, hududlarda 39 ta oçiq va yopiq sport inşooti taʼmirtalab ahvolda bölgani sababli töliq işlatilmayapti. Mutasaddilarga bunday obyektlarni zamonaviy sport majmualariga aylantiriş uçun qulay şartlarda xususiy şeriklikka beriş böyiça qaror loyihasini işlab çiqiş topşirildi.
Sport maktablarida yoşlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari böyiça ham seksiyalar taşkil etiş, Özbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tuziş taklifi maʼqullandi.
Yiğiliş davomida davlatimiz rahbari soha rahbarlari va hokimlarning hisobotlarini tingladi, tadbirkor va sportçilar bilan muloqot qildi.

