Özbekiston Prezidenti Osiyo taraqqiyot bankining yillik yiğilişi doirasida hamkorlikning asosiy yönalişlarini belgilab berdi
Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev 4-may kuni Samarqand şahrida bölib ötayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boşqaruvçilar kengaşi 59-yillik yiğilişining oçiliş marosimida iştirok etdi.
“Taraqqiyot çorrahalari: mintaqaning özaro boğliq kelajagini ilgari suriş” şiori ostida ötkazilayotgan forumda 100 dan ortiq mamlakatdan 4 mingdan ziyod ekspertlar, şuningdek, xorijiy hukumatlar, xalqaro moliya taşkilotlari, yetakçi banklar va kompaniyalar vakillari iştirok etmoqda.
Kun tartibidan raqamli va “yaşil” transformatsiya, iqlim barqarorligi, işlab çiqariş taʼminoti zanjirlarini rivojlantiriş, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlaş va boşqa masalalar örin olgan.
Davlatimiz rahbari tadbirda nutq sözlab, bunday nufuzli anjumanning yurtimizda ötkazilayotgani Özbekistonga ğurur va iftixor bağişlaşini taʼkidladi.
Prezidentimiz buyuk tarix va yorqin kelajakni özida mujassam etgan Yangi Özbekiston endilikda xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib borayotganini qayd etdi.
Özbekiston yetakçisi mamlakatimizda amalga oşirilayotgan keng kölamli islohotlar natijalariga batafsil töxtalib ötdi. Sönggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar işga tuşirildi. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra ösdi, milliy iqtisodiyot hajmi esa 50 milliarddan 147 milliard dollarga yetdi.
2020-yildan buyon Özbekiston suveren kredit reytinglarida öz örnini izçil oşirib bormoqda. Iqtisodiy erkinlik indeksida joriy yil yurtimiz 14 poğona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mötadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.
Global beqarorlik şaroitida ham iqtisodiyotimiz birinçi çorak yakuni böyiça 8,7 foizli ösişga erişdi.
– Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxşilaşga asosiy eʼtiborni qaratdik. Biz ötgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oşirib, kambağallik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tuşirişga erişdik, – dedi Prezidentimiz.
Özbekiston oxirgi ön yilda Barqaror rivojlaniş maqsadlariga erişişda eng katta ijobiy özgariş qilgan beşta davlatdan biri böldi.
2030-yilga qadar barça sohalarni texnologik va innovatsion ösiş modeliga ötkaziş orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oşiriş, daromadi örtaçadan yuqori davlatlar qatoriga kiriş hamda kambağallikka töliq barham beriş maqsad qilingan.
Prezidentimiz amalga oşirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boşqa xalqaro moliya taşkilotlarining örnini alohida eʼtirof etdi. OTB bilan amalga oşirilgan va joriy qöşma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari fursatdan foydalanib, Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masato Kanda, Bank boşqaruvçilari hamda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamğarmasi, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklaniş va taraqqiyot banki hamda boşqa xalqaro moliya institutlari rahbariyatiga yaqin hamkorlik uçun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan murakkab özgarişlar va yangi texnologiyalarning jadal rivojlanişi haqida söz yuritar ekan, barqaror rivojlanişni taʼminlaş uçun Bank bilan hamkorlikda yangi mexanizm va taʼsirçan yondaşuvlarni joriy etiş zarurligini taʼkidladi.
Raqamli transformatsiya va sunʼiy intellektga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizda Sunʼiy intellekt xabini yaratiş boşlandi, hududlarda data markazlarni köpaytiriş, super kompyuterlarni işga tuşiriş va “Beş million sunʼiy intellekt yetakçilari”ni tayyorlaş böyiça dasturlar amalga oşirilmoqda.
– Taʼlim, tibbiyot, suv xöjaligi, ekologiya, oziq-ovqat xavfsizligi kabi aholining birlamçi ehtiyoji uçun eng zarur bölgan yönalişlarda ham oçiq sunʼiy intellekt modellaridan foydalaniş talab etilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Osiyo taraqqiyot banki şafeligida Rivojlanayotgan mamlakatlarda sunʼiy intellekt kölamini oşiriş böyiça alohida dastur işlab çiqiş taklif etildi. Özbekiston bankning “Osiyo uçun raqamli magistral” taşabbusiga qöşilişga tayyorligini maʼlum qilib, Toşkentda uning mintaqaviy muvofiqlaştiriş markazini oçiş taklifini ilgari surdi.
“Yaşil” energetikani rivojlantiriş ustuvor yönaliş sifatida belgilandi. Dunyoning yetakçi kompaniyalari bilan hamkorlikda 5 ming 600 megavattli quvvatlar işga tuşirildi, 2030-yilga borib esa generatsiyada qayta tiklanuvçi energiya manbalari uluşini 54 foizga yetkaziş rejalaştirilmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki toza energiya eksportini kengaytiriş uçun Markaziy Osiyo – Yevropa “yaşil” energetika koridorini yaratişga kömaklaşayotgani minnatdorlik bilan taʼkidlandi. Mintaqa davlatlari bank bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda uşbu “energetik arteriya” loyihasini boşlaşiga işonç bildirildi.
Keyingi dolzarb vazifa – transport tizimlarining özaro boğliqligini va logistika yölaklari barqarorligini taʼminlaş.
Xalqaro logistikadagi qiyinçiliklar “Xitoy – Qirğiziston – Özbekiston” temir yölini qurişning ahamiyatini oşirmoqda. Mazkur loyiha yuklarni yetkazib beriş muddatini 10 kungaça qisqartiriş va butun mintaqa tranzit salohiyatini sezilarli darajada oşiriş imkonini beradi.
Bankning Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni taşkil etiş taklif etildi.
Muhim minerallar zaxiralarini özlaştirişda hamkorlik salohiyati alohida taʼkidlandi. Prezidentimiz qayd etganidek, Özbekiston nafaqat foydali minerallarni qazib oliş, balki ularni çuqur qayta işlaş orqali yuqori qöşilgan qiymatga ega işlab çiqariş quvvatlarini taşkil etişni maqsad qilgan.
Özbekiston yetakçisi yuqori qöşilgan qiymatga ega bölgan loyihalarni ilgari suriş uçun Osiyo taraqqiyot bankining “Kritik mineraldan – işlab çiqarişga” dasturiga qöşiliş muhimligini taʼkidladi.
Şu bilan birga, iqlim özgarişiga qarşi kuraşiş muhim vazifa sifatida belgilandi. Orol dengizining qurigan tubida himoya örmonzorlarini barpo etiş böyiça milliy saʼy-harakatlarga qöşimça ravişda “Markaziy Osiyo yaşil belboği” mintaqaviy loyihasini amalga oşiriş taklif etildi.
Mintaqaviy hamkorlik doirasida “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratiş taşabbusi ilgari surildi. Loyiha mintaqadagi noyob madaniy, ziyorat, gastronomik, etnografik va boşqa obyektlarni sayyohlar uçun yagona makonga birlaştirişga qaratilgan.
Bildirilgan barça taklif va taşabbuslarni tizimli ilgari suriş uçun OTBning loyihalarni moliyalaştiriş böyiça keng imkoniyatlarini, jumladan, xususiy kapitalni safarbar qiliş orqali töliq işga soliş zarurligi taʼkidlandi. Şu munosabat bilan mintaqaviy loyihalar uçun Innovatsion moliyalaştiriş platformasini şakllantiriş taklif etildi.
Davlatimiz rahbari hozirgi kunda jahon iqtisodiyotida röy berayotgan keskin özgarişlar şaroitida Osiyo taraqqiyot bankining keng mintaqamiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini taʼminlaşdagi muhim örni yanada oşayotganini taʼkidladi.
Yakunda Prezidentimiz Samarqand platformasida ilgari suriladigan muhim taklif va taşabbuslar kelgusida katta amaliy natijalarga, har bir kelişuv esa aniq va foydali loyihalarga aylanişiga işonç bildirdi.

