Davlatimiz rahbari Bekoboddagi Döstlik mahallasida böldi

Davlatimiz rahbari Bekoboddagi Döstlik mahallasida böldi

14.07.2026 11:34139

Prezident Şavkat Mirziyoyev Bekobod şahriga taşrifi davomida “Xos yoz” kanali böyi va Döstlik mahallasida amalga oşirilgan bunyodkorlik işlari bilan tanişdi.

Bir paytlar eʼtibordan çetda qolgan, qarovsiz va tartibsiz bölgan “Xos yoz” kanalining böyi bugun şaharning eng gözal göşasiga aylandi. Endilikda mahallalar yaqinida barça qulayliklarga ega zamonaviy ekologik makon paydo böldi.

Hududni kompleks rivojlantiriş böyiça master-reja doirasida 3 kilometr uzunlikda maxsus piyodalar yölagi va 5,4 kilometrlik mustahkam tösiqlar qurildi, 2 ta köprik qad rostladi. Şuningdek, loyiha natijasida sohil böyida 27 ta yangi savdo va zamonaviy xizmat körsatiş obyekti taşkil etilib, 167 ta yangi doimiy iş örni yaratildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda sport bilan şuğullanayotgan yoşlar bilan suhbatlaşdi.

Döstlik mahallasi hududi hozir 28 gektarni taşkil etadi. Bu yerda 33 ta köp qavatli uy, xususiy maktabgaça taʼlim taşkiloti, futbol maydoni, 16 ta sport va bolalar maydonçasi hamda kutubxona mavjud.

Joriy yilda tadbirkorlar tomonidan 1,1 milliard söm investitsiya kiritilib, 10 ta xizmat körsatiş obyekti va 1 ta umumiy ovqatlaniş şoxobçasi taşkil etildi. Natijada 25 ta yangi iş örni yaratildi. Şuningdek, taşabbuskorlar mablağlari hisobidan “Vatanparvar boği” ham barpo qilindi. Unda harbiy texnika namunalari örnatilib, xizmat körsatiş obyektlari qurildi.

“Taşabbusli budjet” mablağlari hisobidan mahalla hududida Bekobod şahri muzeyi taşkil etildi. Mahallada nuroniylar va mehnat faxriylarining dam olişi, uçraşuvlar, davra suhbatlari hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ötkaziş uçun yoğoç konstruksiyali yozgi şiypon qad rostladi.

Davlatimiz rahbari mahalladagi bunyodkorlik işlarini közdan keçirib, aholi uçun yaratilgan şaroitlar bilan tanişdi. Mahalla faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy muloqot qildi.

– Barça amalga oşirayotgan işlarimiz, barpo etilayotgan obyektlarimiz va loyihalarimiz, avvalo, aholiga xizmat qilişi, insonlar hayotini yaxşilaşi kerak. Odamlar öz mahallasida, şahrida keçayotgan özgarişlarni his qilişi, ularning samarasini kundalik hayotida körişi kerak.

Har safar hududlarga kelganimizda insonlar Yangi Özbekiston islohotlarining nafasini, uning yangilaniş va taraqqiyot şabodasini his etişi zarur. Bekobod şahri ham özining mehnatkaş va fidoyi aholisi, iqtidorli yoşlari, hayot tajribasiga ega nuroniylari bilan yanada obod va taraqqiy etgan maskanga aylanişi kerak.

Biz yoşlarimizning orzu intilişlari, nuroniylarimizning ezgu niyat va maqsadlari röyobga çiqişi uçun barça imkoniyatlarni safarbar etamiz, – dedi Prezidentimiz.

Şuning bilan Prezidentimizning Bekobodga safari yakuniga yetib, davlatimiz rahbari Toşkentga qaytib keldi.

 

 

 

president.uz

Ulaşiş: