Davlatimiz rahbari Toşkent viloyati jamoatçiligi vakillari bilan uçraşdi

Davlatimiz rahbari Toşkent viloyati jamoatçiligi vakillari bilan uçraşdi

23.07.2026 09:39101

Prezident Şavkat Mirziyoyev Nurafşon şahridagi “Yangi Özbekiston” boğida Toşkent viloyati jamoatçiligi bilan tantanali uçraşuvda iştirok etdi.

Tadbirda nuroniylar, yoşlar va faollar qatnaşdi. Mamlakatimiz yetakçisi yiğilganlarni samimiy qutlab, viloyat ahli bilan yana bir bor diydor körişib turganidan mamnunligini bildirdi.

Qayd etilganidek, yaqin yillargaça katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega Toşkent viloyatining öz maʼmuriy markazi mavjud emas edi. Qisqa vaqt içida Nurafşon şahri yangitdan barpo etilib, bu yerda zamonaviy maʼmuriy, ijtimoiy va madaniy infratuzilma şakllantirildi.

Şaharda “Yangi Özbekiston” boği, “Vatanparvar boği”, matonatli özbek ayoli Zulfiya Zokirovaga bağişlangan yodgorlik majmuasi, xiyobonlar, sunʼiy köl, amfiteatr va favvoralar, keng yaşil hududlar, velosiped hamda piyodalar yölaklari barpo etildi.

– Bu yerdagi har bir korxona, har bir köça va bino, maydon va xiyobon serğayrat, mehnatkaş va fidoyi viloyat ahli bilan birgalikdagi işlarimizning natijasidir, – dedi Prezidentimiz.

Bugun Nurafşon şahri Yangi Özbekiston timsoli sifatida namoyon bölayotgani taʼkidlandi. Şaharning nomi “nur soçuvçi”, “ziyo tarqatuvçi” degan maʼnolarni anglatişi, şu bois, gözal kent zamonaviy qiyofasi, taraqqiyoti, madaniyati, boşqaruvi va inson qadriga bölgan munosabati bilan ham boşqalarga namuna bölişi kerakligi qayd etildi.

Nurafşon mamlakatimizda “aqlli şahar” modeli asosida barpo etilayotgan birinçi şahar sifatida ham tarixga kirmoqda. Bu yerda raqamli boşqaruv, intellektual transport, energiya tejamkor texnologiyalar, madaniy maskanlar va ekologik infratuzilma yagona tizimga birlaştirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Nurafşonni ilm-fan, yuksak texnologiyalar va yoşlar şahriga aylantiriş asosiy maqsad ekanini taʼkidladi. Bu yerda ming örinli madaniyat saroyi, Badiiy akademiyaning viloyat bölimi, Sunʼiy intellekt markazi, Аxborot-resurs kutubxonasi va kasblar markazini öz içiga olgan zamonaviy “Yoşlar şaharçasi” bunyod etilmoqda.

Şu kuni 35 gektar maydonda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilişiga ham tamal toşi qöyildi. Mazkur majmua butun mamlakatga xizmat qiladigan sunʼiy intellekt va raqamlaştiriş markaziga aylanib, unda ilmiy-tadqiqot markazlari va yuqori texnologik laboratoriyalar taşkil etiladi.

“Nurafşon biznes siti” loyihasi doirasida maʼmuriy, biznes, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va turar joy hududlari özaro uyğun holda rivojlantirilmoqda. Jumladan, 700 örinli köp tarmoqli tibbiyot markazida telemeditsina va robototexnika yordamida 60 dan ziyod yuqori texnologik tibbiy xizmat körsatilişi rejalaştirilgan.

Şarq bozori, hunarmandçilik köçalari, milliy pavilyonlar, amfiteatr va zamonaviy dam oliş maskanlarini qamrab olgan turistik-madaniy majmua ham Nurafşonning taşrif qoğoziga aylanadi.

Tadbirda Toşkent viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotining yirik tayanç hududlaridan biri ekani alohida taʼkidlandi. Respublika yalpi içki mahsulotining qariyb 10 foizi viloyat hissasiga töğri keladi. Sönggi beş yilda hududga 16 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, çet el kapitali iştirokidagi korxonalar soni qariyb 3 mingtaga, eksport hajmi esa 3 milliard dollarga yaqinlaşdi.

Prezidentimiz viloyatni Toşkent şahri bilan yagona iqtisodiy va transport makoni sifatida rivojlantirişga doir yangi loyihalar haqida ham söz yuritdi. Poytaxt bilan boğlovçi jamoat transporti yönalişlari kengaytirilib, Toşkent – Nurafşon yönalişida zamonaviy poyezdlar qatnovi yölga qöyilişi belgilandi.

– Siz, aziz Toşkent viloyati faollari, tadbirkor va fermerlar, ziyolilar, nuroniylar va serğayrat yoşlar bilan birgalikda bu zaminni yanada yaşnatamiz, mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam va qudratli tayançiga aylantiramiz.

Men bunga qat’iy işonaman va Prezident, davlat rahbari sifatida butun xalqimiz qatori Toşkent viloyati aholisining tinç, farovon, baxtli hayot keçirişi uçun bundan buyon ham bor kuç va imkoniyatimni safarbar etaman, – dedi davlatimiz rahbari sözining yakunida.

Tadbir madaniy dastur bilan davom etdi.

Şundan söng Prezidentimizning Nurafşonga safari yakunlandi, davlatimiz rahbari Toşkentga qaytib keldi.

 

 

 

president.uz

Ulaşiş: