Yangi Toşkentda investorlar uçun yangi imkoniyatlar yaratiladi

Yangi Toşkentda investorlar uçun yangi imkoniyatlar yaratiladi

13.10.2026 12:47529

Prezident Şavkat Mirziyoyev Yangi Toşkent qurilişini jadallaştiriş masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan oçiq muloqot ötkazdi.

Uç yil avval boşlangan Yangi Toşkent loyihasi doirasida davlat infratuzilma va muhim ijtimoiy obyektlar qurilişiga katta mablağ yönaltirmoqda. Hozirga qadar yangi şaharga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi. Biroq qurilişga xususiy sektorni jalb etiş surʼatlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.

Şahar uçun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinçi bosqiçda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oşiriş közda tutilgan. Hozir ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablaği hisobidan quriliş olib borilayotgan bölsa, tadbirkorlarga 94 gektar yer ajratilgan.

– Yangi Toşkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas, – dedi Prezidentimiz.

Yangi şahar biznes, taʼlim, tibbiyot, turizm va xizmat körsatişni öziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanişi zarur. Şu nuqtai nazardan, investorlarga ajratilgan yerlarning uçdan ikki qismi uy-joy loyihalariga töğri kelayotgani, 28 ta lotda esa faol quriliş boşlanmagani körsatib ötildi.

Davlatimiz rahbari bunday holatni investorlarda mablağ yoki qiziqiş yöqligi bilan izohlaş töğri emasligini aytdi. Eskiça talablar, çöziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor örniga nazoratçi sifatida iş tutişi loyihalarga tösiq bölmoqda. Şu bois, tadbirkorga yer ajratişdan tortib, obyektni işga tuşirişgaça bölgan jarayonlarni qayta körib çiqiş vazifasi qöyildi.

Yil oxirigaça şaharda 20 ming xonadonni foydalanişga topşiriş rejalaştirilgan. Bu kamida 70 ming kişi uçun yangi yaşaş muhitini yaratişni anglatadi. Prezidentimiz uylar bilan bir vaqtda aholiga zarur dam oliş, sport, savdo, taʼlim va tibbiyot xizmatlari ham yölga qöyilişi kerakligini taʼkidladi.

Şaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming örinli stadion qurilmoqda. Kelgusi yil 20 yoşgaça bölgan futbolçilar örtasidagi jahon çempionati munosabati bilan mehmonxona, ovqatlaniş va köngiloçar maskanlarga ehtiyojni hisoblab, tadbirkorlarga aniq investitsiya takliflarini taqdim etiş topşirildi.

Yangi şaharda işbilarmonlik muhitini şakllantirişda davlat idoralarining köçişi ham muhim örin tutadi. Hozir Quriliş, Transport va Energetika vazirliklari bu yerda faoliyat yuritmoqda, boşqa idoralar xodimlari uçun binolar qurilyapti. Qolgan vazirlik va davlat taşkilotlarining ham Yangi Toşkentga köçişini boşlaş topşirildi.

Muloqotda şaharning master rejasini amalga oşirişda investorlar taşabbusiga kengroq yöl oçiş zarurligi qayd etildi. Şahar manfaatiga xizmat qiladigan öziga xos loyihalar uçun lot maydoni yoki obyekt turini özgartiriş haqidagi takliflar tez va aniq mezonlar asosida körib çiqilişi kerak. Konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va quriliş ruxsati oldindan tayyorlangan maydonlar sonini köpaytiriş vazifasi qöyildi.

Yirik tijorat obyektlarini jalb etiş uçun oçiq taşabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida yer ajratiş amaliyoti yölga qöyiladi. Bu jarayonda investor taşabbusi eʼlon qilinadi va boşqa iştirokçilar yaxşiroq şart taklif etmasa, yer dastlabki taşabbuskorga ajratiladi.

Xizmat körsatiş va ijtimoiy obyektlar qurilişini rağbatlantiriş maqsadida infratuzilma tölovlari qayta körib çiqiladi. Bazaviy stavka savdo, servis va biznes markazlari uçun uç barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uçun beş barobar, madaniyat va köngiloçar maskanlar uçun ön barobar kamaytiriladi. Xususiy boğça, maktab va şifoxonalar uçun tölov bir foiz etib belgilanadi. Uşbu tartib qurilişi boşlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.

Yangi Toşkentda “yaşil bino” standartlarini qöllaş bilan boğliq xarajatlarni yengillaştiriş çoralari ham belgilandi. Qiymati 50 million dollardan yuqori bölgan noturar joy loyihalari uçun “yaşil” sertifikat oliş xarajatlari davlat tomonidan töliq qoplanadi. Investor sotib olgan har bir yer maydonining 30 foizini kökalamzorlaştiriş talabi bu yerda qöllanmaydi: şahar hududining 30 foizini yaşil maydonga aylantiriş boş reja asosida davlat tomonidan taʼminlanadi.

Qiymati 50 million dollardan yuqori bölgan har bir loyihaga masʼul biriktirilib, u obyekt işga tuşguniga qadar investorga hamrohlik qiladi. Bunday loyihalar böyiça alohida investitsiya bitimi tuzilib, unda tomonlarning majburiyatlari va loyihaning xususiyatlariga mos şartlar belgilanadi.

Yangi imkoniyatlardan butun mamlakat tadbirkorlari foydalanişi uçun poytaxtning har bir tumaniga va respublikaning qolgan 13 ta hududiga Yangi Toşkentdan 100 gektardan maydon biriktiriladi. Uşbu yerlar böyiça dastlabki auksionda tegişli hudud tadbirkorlari iştirok etadi.

Xorijlik investorlar uçun esa dastlabki 50 ta lot belgilandi. Ularning joylaşuvi, iqtisodiy hisob-kitoblari va yaratilgan imkoniyatlar aks etgan takliflar paketi diplomatik vakolatxonalar orqali yetkaziladi. Vazirlarga ham yirik xorijiy kompaniyalar bilan uçraşuvlarda Yangi Toşkent loyihalarini taqdimot qilib boriş vazifasi qöyildi.

Şuningdek, Samarqand şahridagi “Şirin” massivi qurilişi körib çiqildi. Bu yerda işlar sust borayotgani tanqid qilinib, Yangi Toşkent uçun belgilangan imtiyoz va imkoniyatlar uşbu massivga ham tatbiq etilişi belgilandi.

Prezidentimiz investorlarni mahalliy va xorijlikka ajratişga munosabat bildirar ekan, “Kapitalning, ilğor ğoyaning va halol mehnatning millati yöq!” deb taʼkidladi. Şu maʼnoda, Yangi Toşkent va “Şirin” massivi qurilişida iştirok etayotgan har bir tadbirkor yurtimiz taraqqiyotiga hissa qöşayotgani qayd etildi.

Şundan söng davlatimiz rahbari investorlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va taşabbuslarini tingladi.

 

 

 

president.uz

Ulaşiş: